Yevropa Ittifoqi davlatlari elchilari Namanganda!
2026-09-16 12:00:00 / Yangiliklar

Nufuzli delegatsiyani Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov qabul qildi.
Namangan shahridagi “Ma’rifat markazi”da o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida izchil rivojlanib borayotgan munosabatlarni hududlar darajasida mustahkamlash, Yevropa kompaniyalari va investorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, investitsiya, eksport, turizm, “yashil” texnologiyalar, zamonaviy agrotexnologiyalar, raqamlashtirish, ta’lim va kasbiy tayyorgarlik istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
O‘zaro muloqotda Namanganning bu boradagi mavjud iqtisodiy salohiyati va o‘sish ko‘rsatkichlariga ham e’tibor qaratildi. So‘nggi besh yilda viloyat yalpi hududiy mahsuloti 3,1 barobarga oshdi. 8,5 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinib, bugungi kunda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar sarmoyasi ishtirokida 19 ta qo‘shma va xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda.
Yevropa bozori bilan savdo aloqalari ham kengayib bormoqda. Xususan, 2020 yilda Yevropaga eksport hajmi 10 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 36 million dollarga yetdi. Joriy yilning sakkiz oyida esa Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 120,8 million dollar, eksport hajmi 46 million dollarga to‘g‘ri kelmoqda.
Ayni paytda o‘sish faqat raqamlarda emas, eksport geografiyasida ham aks etmoqda. 2020 yilda 85 ta mahalliy korxona YEIning 8 ta davlatiga mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, 2026 yilning sakkiz oyida 215 ta korxona 18 ta davlat bozoriga mahsulot yetkazib berdi.
Muzokaralarning asosiy jihati — kelgusi hamkorlik bo‘yicha aniq takliflar ilgari surilgani bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar bilan 7 ta ustuvor yo‘nalishda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Xususan, Yevropa moliya institutlari bilan Namangan uchun investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish, Finlandiya bilan zamonaviy agrotexnologiyalar, “yashil” texnologiyalar va ta’lim, Ispaniya hamda Gretsiya bilan agrosanoat va turizm, Slovakiya bilan avtomobilsozlik va kasb-hunar ta’limi, Polsha hamda Ruminiya bilan agrosanoat va oziq-ovqatni qayta ishlash yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikrlar almashildi. Latviya bilan esa raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat, AyTi, raqamli davlat xizmatlari va zamonaviy ta’lim texnologiyalari bo‘yicha hamkorlik qilish taklif etildi.
O‘z navbatida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari Toyvo Klaar va elchilar ham so‘z olib, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalari xususida fikr bildirdilar.
Tadbir davomida mehmonlarga Namangan viloyatining investitsiyaviy salohiyati hamda Gul bayramiga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan takliflarni amaliy loyihalarga aylantirish, Yevropa kompaniyalari va moliya institutlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish hamda Namangan va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli, ishonchli va uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









