SEULDA «O‘ZBEKISTON-KOREYA» BIRINCHI HUDUDLARARO FORUMI BO‘LIB O‘TDI: NAMANGAN VILOYATI UCHUN YANGI INVESTITSIYALAR VA ISTIQBOLLI KELISHUVLAR
2026-09-11 13:55:00 / Yangiliklar

Forumda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov so‘zga chiqdi.
Viloyat rahbari o‘z ma’ruzasida Namangan viloyatini Farg‘ona vodiysining yuqori demografik va mehnat salohiyatiga ega bo‘lgan, eng jadal rivojlanayotgan sanoat-agrar va logistika markazlaridan biri sifatida taqdim etdi. Tadbir nafaqat hududlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, balki o‘zaro ishonch va uzoq muddatli sheriklikka asoslangan yangi hamkorlik loyihalarini shakllantirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Forum doirasida Namangan viloyati hokimi va delegatsiya a’zolari Koreyaning bir qator provinsiyalari gubernatorlari, shahar merlari hamda yirik kompaniyalari vakillari bilan G2B va B2B formatlarida samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar va ochiq muloqotlarning eng muhim natijasi sifatida, koreys kompaniyalari bilan qariyb 200 million dollarlik investitsiya kelishuvlari imzolandi. Bundan tashqari, tomonlar o‘rtasida umumiy qiymati 30 million dollarlik savdo shartnomalari tuzildi.
Forum yakunlari bo‘yicha erishilgan ushbu kelishuvlar ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lib, kelgusida yanada yirik va strategik loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor sifatida xizmat qiladi.






