Namangan viloyati delegatsiyasi Janubiy Koreyada: Seulda “KIND” korporatsiyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi
2026-09-10 17:45:00 / Yangiliklar

Muzokaralar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini hududlar darajasidagi amaliy loyihalar bilan boyitish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda Namangan viloyati O‘zbekistonning eng jadal rivojlanayotgan va aholisi tez o‘sayotgan hududlaridan biri ekanligi ta’kidlanib, zamonaviy shahar infratuzilmasiga bo‘lgan yuqori talabni qondirish maqsadida “Yangi Namangan” shaharchasini barpo etish loyihasi taqdim etildi.
Ushbu loyiha faqatgina turar joylardan iborat bo‘libgina qolmay, ekologik toza hududlar, sanoat klasterlari, savdo va ijtimoiy obyektlarni o‘zida mujassam etgan zamonaviy ekotizim (Smart City) konsepsiyasiga asoslanadi.
Muzokaralar davomida “KIND” korporatsiyasi bilan Namanganda Koreyaning ilg‘or standartlari va energiya tejamkor texnologiyalarini qo‘llagan holda zamonaviy ko‘p qavatli shinam turar joy massivlarini qurish, loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida, korporatsiya ko‘magida Koreyaning yirik investitsiya fondlari va xalqaro moliya institutlari sarmoyalarini jalb qilgan holda amalga oshirish, shaharchaning yo‘l-transport tizimi, suv tozalash inshootlari va yashil energiya ta’minotini loyihalashda Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasini tatbiq etish kabi ustuvor yo‘nalishlarda uzoq muddatli va manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida loyihalar ko‘lamini joyida o‘rganish va hududning investitsiyaviy salohiyati bilan yaqindan tanishish uchun “KIND” korporatsiyasi rahbariyati Namangan viloyatiga taklif etildi.




