Namanganda paxta yig‘im-terimiga «oq fotiha» berildi
2026-09-06 12:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilda viloyat bo‘yicha 48 ming 800 gektar maydonga chigit ekilib, ekinlar agrotexnik talablar asosida parvarishlandi. Mavsum yakuniga qadar har gektardan o‘rtacha 52,2 sentnerdan, jami 254 ming 500 tonna paxta xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan.
Ayni kunlarda paxtazorlar chamandek ochilib, yangi mavsumning mas’uliyatli bosqichi boshlanmoqda. Hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish maqsadida viloyatda 856 ta yig‘im-terim otryadi tashkil etildi. Mavsumda hosilning 70 foizini terim mashinalari yordamida yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan. Buning uchun 178 ta paxta terim agregati jalb etiladi. E’tiborlisi, joriy yilda viloyatga 57 ta yangi paxta terim mashinasi xarid qilindi.
Mingbuloq tumanidagi «Elita urug‘chilik» fermer xo‘jaligi dala shiyponida «2026 yil hosili uchun yetishtirilgan paxta xomashyosini nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish, paxta yig‘im-terim mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish» mavzusida o‘tkazilgan viloyat ko‘rgazmali seminar-yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi sohasi faxriylari, nuroniylar, viloyat huquq-tartibot organlari rahbarlari, tumanlar hokimlari hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.
Seminar davomida paxta hosilini nest-nobudgarchiliksiz yig‘ib olish, terimni belgilangan muddatlarda sifatli tashkil etish, mehnat jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish va mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, joriy yilgi hosilni qisqa muddatda yig‘ib olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov mavsumni yuqori saviyada tashkil etish, paxta xomashyosini daladan yig‘ishtirib olish, terimchilar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda belgilangan rejalarning to‘liq bajarilishini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va vazifalarni belgilab berdi.
Shuningdek, tadbirda jonliq so‘yilib, ehson dasturxoni yozildi. Nuroniylar duoga qo‘l ochib, dehqon va fermerlarning mashaqqatli mehnatiga baraka, yurtimiz dasturxoniga to‘kinlik tiladilar, paxta yig‘im-terim mavsumiga «oq fotiha» berdilar.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









