“Podsho ota” soyida sun’iy ko‘l: turizm uchun yangi imkoniyatlar
2026-09-04 18:55:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda hududlardagi ekoturizm imkoniyatlaridan unumli foydalanish maqsadida yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Nanay - turizm qishlog‘ida bo‘lib, “Zarbdor” mahallasi hududidan oqib o‘tgan “Podsho ota” soyida sun’iy ko‘l tashkil etish loyihasi bilan tanishdi.
Loyihaga asosan 6 gektar yer maydonida 7,2 mlrd. so‘m evaziga zamonaviy, sun’iy ko‘l barpo etiladi. Ayni kunlarda "Bek grof" MCHJ tomonidan suni’iy ko‘l uchun yer tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
"Podsho ota" soyining "Qizilyozi" mahallasi hududidan o‘tgan qismi sohil bo‘ylarida bo‘sh turgan 2 gektar yer maydonida ham zamonaviy arxitektura yechimlari asosida sun’iy ko‘l, 2 km.uzunlikdagi piyodalar yo‘lakchasi, 65 ta quyosh panellari o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Mazkur qiymati 9,5 mlrd so‘mlik loyiha "Kelajak mega stroy" MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda.
Viloyat rahbari loyihalarni amalga oshirishda sifat, xavfsizlik va ekologik talablarga qat’iy rioya etish, hududda sun’iy ko‘l yaratish loyihasi ustida ishlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Mazkur loyihalarning hayotga tadbiq etilishi orqali hududda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmatlar sohasi salohiyatini oshirish hamda mahalliy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilmoqda.
Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi
Axborot xizmati








