Chortoq tumanidagi Furqat nomli madaniyat va istirohat bogʻi yangi qiyofa kasb etmoqda
2026-09-02 17:05:00 / Yangiliklar

Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad — aholi uchun zamonaviy, qulay va mazmunli hordiq chiqarish maskanini yaratish bilan birga, tumanning sayyohlik salohiyatini yanada oshirishdan iborat.
Umumiy qiymati 34 milliard 854 million soʻm boʻlgan loyiha asosida bogʻ hududi kengaytirilib, zamonaviy landshaft yechimlari, zamonaviy yoritish tizimi, attraksionlar hamda dam olish maydonlari barpo etilmoqda.
Qurilish ishlari "Qurilish Ziyo Building" MCHJ tomonidan olib borilmoqda.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov mazkur obʼektda boʻlib, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli qurilish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Viloyat hokimi obʼektdagi ishlar jarayonini koʻzdan kechirib, qurilish sifatini taʼminlash, ishlarni jadallashtirish, loyihada belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va toʻliq bajarish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Yangilangan bogʻ nafaqat aholining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun zamonaviy maskan, balki tumanning sayyohlik va xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytiruvchi muhim obʼektga aylanadi.
Chortoq tumani hokimligi
Axborot xizmati






