Namangan aeroporti yuk tashish geografiyasini kengaytiradi
2024-09-11 10:30:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimizning joriy yil 25-26-mart kunlari Namangan viloyatiga tashriflari davomida Namangan xalqaro aeroportini davlat xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish loyihasini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan edi.
Investorlar bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida mazkur loyihani “NAMANGAN AIR SOLUTION” korxonasi tomonidan qisqa muddatda amalga oshirish taklifi bildirilib, kelishuvga erishildi.
“Kargo” - fransuz tilidagi “cargo” soʻzidan olingan boʻlib, u oʻz navbatida, lotincha “carricare” soʻzidan kelib chiqqan. “Kargo” yuk, tovar yoki transport qilinuvchi mahsulotlarni anglatadi. Asosan dengiz, havo va yer usti transportida katta hajmdagi yuklarni tashishga nisbatan ishlatiladi.
Bugun erta tongdan “Namangan xalqaro aeroporti”da ana shu ezgu ishga “oq fotiha” berildi.
Oʻtkazilgan tantanali marosimda tadbirkorlar, nuroniylar, jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov tabrik soʻzida hurmatli Yurtboshimiz tashabbuslari bilan yoʻlga qoʻyilayotgan bu tizimning viloyat iqtisodiy hayotida, xususan, eskport salohiyatini oshirishdagi ahamiyatiga toʻxtaldi.
- Endilikda Namangan mahsulotlarini xorijiy davlatlarga havo transporti orqali sifatli yetkazib berish tizimining yoʻlga qoʻyilishi eksport hajmlari koʻpayishi, eksportchi korxonalar sonining ortishi hamda eksport geografiyasini kengaytirish imkonini beradi, - deya taʼkidladi viloyat rahbari.
Marosimda urf-odatlarimizga koʻra jonliq soʻyilib, ehson dasturxoni yozildi. Nuroniylar ezgu ishlarga muvaffaqiyat tilab, duoga qoʻl ochdilar.
Maʼlumot uchun: hozirgi kunda viloyatimizda 560 tadan ortiq mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hamda yetishtirilgan meva-sabzavotlar dunyoning 65 ta davlatiga eksporti amalga oshirilmoqda. “Kargo” tizimi orqali yana 22 ta yangi davlatlar borzoriga kirib boriladi va eksport geografiyasi 90 taga yetkaziladi.
Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati.









