Namanganda “Ayaks” futbol akademiyasi ochildi
2026-08-29 16:05:00 / Yangiliklar

Ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, nuroniylar, sportchilar, futbol faxriylari, yosh futbolchilar, muxlislar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, akademiya “Navbahor” futbol klubi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, unda niderlandiyalik mutaxassislar hududdagi iqtidorli yosh futbolchilarga zamonaviy Yevropa futboli tajribasi asosida saboq beradi.
Asosiy maqsad — kelgusida O‘zbekiston futboli sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan iste’dodli futbolchilarni tarbiyalash.
So‘nggi yillarda Namanganda futbolga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, JCH-2026 musobaqasida “Navbahor” futbolchilari O‘tkir Yusupov va Ruslanbek Jiyanov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil iyun oyidagi Namanganga tashrifi davomida ham “Markaziy” stadioni va “Ayaks” akademiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Stadion maydoni jahon standartlari asosida yangilanib, klub uchun zamonaviy sharoitlar yaratildi.
“Ayaks” akademiyasining Namanganda ochilishi viloyat futboli uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu yerdan yangi yulduzlar va chempionlar yetishib chiqib, O‘zbekiston bayrog‘ini jahon maydonlarida baland ko‘taradigan futbolchilar safini kengaytirishi kutilmoqda.
Davlatobod tumani hokimligi
Axborot xizmati






