Namanganlik tadbirkorlar Belarusda qo‘ychilik faoliyatini kengaytirmoqda
2026-08-13 18:05:00 / Yangiliklar
Xabaringiz bor, Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligidagi bir guruh mutasaddilar va tadbirkorlardan iborat delegatsiyamiz ayni vaqtda Belarus Respublikasida bo‘lib turibdi.

Delegatsiya Dokshitskiy tumanida qo‘ychilik fermasi tashkil etgan tadbirkor hamyurtlarimiz faoliyati bilan tanishdi.
Dokshitskiy — Belarus Respublikasining Vitebsk viloyati janubi-g‘arbida joylashgan ma’muriy hudud. Minsk va Vitebsk o‘rtasidagi transport yo‘nalishlariga yaqin, qishloq xo‘jaligi va tabiiy resurslarga boy tuman sifatida baholanadi. Aholisi nisbatan kam bo‘lsa-da, katta hududga ega bo‘lgani sababli agrar soha, qayta ishlash, turizm va logistika yo‘nalishlarida rivojlanish imkoniyatlari mavjud.
Ta’kidlash joiz, bu yerda 2019-yildan buyon o‘zbek kapitali ishtirokidagi qo‘ychilikka ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi korxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
Tashrif doirasida namanganlik tadbirkorlar loyihalari va imkoniyatlar ko‘rildi. Muzokaralar davomida tomonlar mazkur ishlab chiqarishni kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni muhokama qildilar.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati






