Namangan viloyati musiqali drama teatrining 95-mavsumi ochildi
2026-08-09 07:05:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida teatrning qariyb bir asrlik tarixi, bosib o‘tgan ijodiy yo‘li, bugungi faoliyati va erishilayotgan natijalar haqida hikoya qiluvchi videorolik namoyish etildi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov so‘zga chiqib, teatr jamoasini yangi mavsumning ochilishi bilan tabrikladi.
Viloyat rahbari teatr san’atining jamiyat ma’naviy hayotidagi o‘rniga to‘xtalib, Namangan viloyati musiqali drama teatri ko‘p yillardan buyon milliy san’atimiz va madaniyatimizni targ‘ib etib, tomoshabinlarga yuksak badiiy asarlarni taqdim etib kelayotganini ta’kidladi.
Bugun mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, teatrlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va aholiga sifatli madaniy xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Shundan so‘ng, tadbirda faxriy mehmon sifatida ishtirok etayotgan Qirg‘iz Respublikasining xalq yozuvchisi, davlat va jamoat arbobi, To‘qto‘g‘ul nomidagi Davlat mukofoti laureati, Xalqaro «TURKSOY» tashkiloti Bosh kotibi Sulton Raev so‘zga chiqib, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy va ijodiy hamkorlik tobora rivojlanib borayotganini e’tirof etdi.
Ayni paytda teatr bilan ijodiy hamkorlik doirasida Sulton Raev qalamiga mansub «Laylaklar nolasi» spektaklining sahnalashtirilgani ham qardosh xalqlar san’atkorlari o‘rtasidagi yaqin aloqalarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tantanali tadbirning badiiy qismida teatr jamoasi tomonidan yangi mavsumning ilk spektakli — «Laylaklar nolasi» sahna asari namoyish etildi.
95-mavsumning ochilishi teatr jamoasining yangi ijodiy rejalari va yangi premyeralar sari dadil qadam tashlayotganini namoyon etdi.









