"Og‘ir toifa"dagi mahallalarda o‘zgarishlar sezilmoqda
2026-08-07 13:20:00 / Yangiliklar

O‘rganish davomida "Birlik" va "Paxtachi" mahallalarida aholi vakillari, nuroniylar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, olib borilayotgan obodonlashtirish va infratuzilma ishlari ko‘zdan kechirildi.
Ma’lumki, dastur doirasida Uchqo‘rg‘on tumanidagi "Birlik", Navoiy nomli, "Paxtachi", "Yog‘du" hamda "Ozod" mahallalari uchun jami 15 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan ichki yo‘llarni asfaltlash, elektr tarmoqlarini yangilash, tungi yoritish tizimlarini o‘rnatish, transformatorlar o‘rnatish, ariqlarni betonlash hamda ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘zaro muloqotda ushbu hududlarda yashovchi aholi vakillari olib borilayotgan ishlardan mamnun ekanliklarini izhor qildilar.
Viloyat rahbari mutasaddilarga qurilish va ta’mirlash ishlarini sifatli hamda belgilangan muddatlarda yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.









