Namanganda “Yong‘in-qutqaruv amaliy sporti” bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ochiq chempionatiga start berildi.
2026-08-06 22:55:00 / Yangiliklar

Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov qatnashib, Favqulodda vaziyatlar tizimini rivojlantirish, qutqaruvchilarning kasbiy va jismoniy tayyorgarligini yuksaltirishda mazkur sport turining ahamiyati haqida so‘z yuritdi hamda musobaqa ishtirokchilariga muvaffaqiyat va g‘alabalar tiladi.
Ochiq chempionatda Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy va tarkibiy tuzilmalaridan 18 ta jamoa bilan bir qatorda “O‘zbekneftgaz” AJ Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ko‘ngilli qutqaruv qismi, “Uzkimyosanoat” AJ “Maksam-Chirchiq” harbiylashtirilgan gazdan qutqaruv otryadi, “O‘zbekiston Aeroport” AJ Parvozlarning qidiruv va avariya-qutqaruv ta’minoti xizmati, Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi hamda “O‘zbekneftgaz” AJning O‘zbekiston harbiylashtirilgan qutqaruv qismlari vakillari ishtirok etmoqda.
Musobaqaning birinchi kuni "Yong‘in o‘chirish estafetasi va ishg‘ol qilish narvonida o‘quv minorasining to‘rtinchi qavatiga ko‘tarilish" yakunlariga ko‘ra yuqori natija qayd etgan sportchilar qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Chempionat bahslari davom etmoqda.









