Irvadondagi bolalar shifoxonasi qayta taʼmirlanib, birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi
2024-08-26 11:15:00 / Yangiliklar

Istiqlolimizning 33 yoshi nishonlanadigan yilda Investitsiya dasturi doirasida viloyatdagi 10 ta davolash-profilaktika muassasasida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi va ularga 65,6 mlrd. soʻm mablagʻ sarflandi. Bayram arafasida ularning taqdimoti koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazilmoqda.
Davlatobod tumani “Irvadon” mahallasi hududida joylashgan viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bino va inshootlari yillar davomida taʼmirtalab holatga kelib qolgan edi.
Shuni eʼtiborga olgan holda, joriy yil boshidan 395 oʻrinli shifoxona binolarini rekonstruksiya qilish ishlariga astoydil kirishildi.
“Gaz taʼmir pardoz” masʼuliyati cheklangan jamiyat quruvchilari tomonidan qisqa fursatda salkam 10 mlrd. soʻmlikka yaqin pardozlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Bu saʼy-harakatlar pirovardida tibbiyot muassasasi yanada koʻrkam, qulay va muhtasham salomatlik maskaniga aylandi.
Bayramona ruhda oʻtgan taqdimot marosimida viloyat sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bu yerda kelajagimiz vorislarini bezovta qilayotgan kasalliklardan davolash, salomatliklarini mustahkamlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani, bu kabi amaliy saʼy-harakatlar davom ettirilishi haqida toʻxtaldi.
Ramziy lenta qirqilgach, ichkaridagi sharoitlar bilan yaqindan tanishgan jamoatchilik vakillari bunga amalda guvoh boʻldilar.
Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati.









