Namanganda III Xalqaro maqom sanʼati anjumani yuksak saviyada va koʻtarinki ruhda oʻtdi
2026-06-27 12:00:00 / Yangiliklar

Dunyoning turli davlatlaridan tashrif buyurgan sanʼatkorlar, maqom ijrochilari, musiqashunos olimlar va madaniyat sohasi vakillarini birlashtirgan nufuzli anjuman davomida milliy musiqa sanʼatining bebaho durdonasi boʻlgan maqomning betakror jozibasi yana bir bor namoyon boʻldi.
Anjuman doirasida oʻtkazilgan xalqaro tanlovda ishtirokchilar ijrochilik mahorati, milliy maqom anʼanalarini saqlash va sahna madaniyati kabi muhim mezonlar asosida baholandi.
Quvonarlisi, anjumanning eng yuqori mukofoti — Gran-pri Oʻzbekiston Respublikasi vakili sifatida qatnashgan xonanda — Namangan farzandi, Oʻzbekiston Davlat Filarmoniyasi Namangan viloyati hududiy boʻlinmasi rahbari Orifjon Ergashevga nasib etdi. U yuksak ijrochilik mahorati va milliy maqom sanʼatiga sadoqati bilan xalqaro hakamlar hayʼatining eʼtirofiga sazovor boʻldi.
Namangan mezbonlik qilgan ushbu yirik madaniy forum nafaqat Sharq mumtoz musiqasining targʻibotiga, balki oʻzbek milliy sanʼatining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qildi.
III Xalqaro maqom sanʼati anjumani yana bir bor Namanganni xalqaro madaniyat va sanʼat markazlaridan biri sifatida namoyon etdi.









