Namanganda “Sinergiya” raqamli kasblar texnikumi ochiladi
2024-07-27 20:05:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimining raqamlashtirish boʻyicha maslahatchisi Baxtiyor Axunbabayev, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Abdulaxat Gaffarov, “Sinergiya” universitetining “Mintaqaviy texnikumlar” loyihasini rivojlantirish boʻyicha direktori Aleksandr Teteryuk, Namangan shahridagi “Sinergiya” raqamli kasblar texnikumi direktori Valentina Borisova, shuningdek, kasb-hunar maktablari, akademik litseylar ham shahar, tumanlar IT-taʼlim markazlari rahbarlari qatnashdilar.
Uchrashuvda Toʻraqoʻrgʻon agrosanoat texnikumi va “Sinergiya” universitetining “Mintaqaviy texnikumlar” loyihasini rivojlantirish tashkiloti oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturini amalga oshirish doirasida oʻquv jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida shartnoma imzolandi.
Shartnomaga asosan, joriy yil oktyabr-noyabr oylarida Toʻraqoʻrgʻon agrosanoat kolleji va Rossiyaning “Sinergiya” raqamli kasb-hunar texnikumi negizida raqamli kasblar texnikumi tashkil etiladi.
Shuningdek, “Sinergiya” universiteti tomonidan Namangan shahridagi IT-School negizida bolalar uchun qoʻshimcha “Synergy Hub Junior” taʼlim markazini ham tashkil etilib, unda bolalarga ishbilarmonlik oʻyinlari va mahorat darslari (master-klass) orqali raqamli kasblar bilan tanishish imkoniyati yaratiladi. Markaz tomonidan birinchi oʻquv yilida dasturlash, robototexnika, veb-dizayn va boshqa IT-yoʻnalishlarida taʼlim dasturlarini ishga tushiriladi.
Texnikum va bolalar oʻquv markazida mashgʻulotlarni namanganlik IT-sohasi amaliyotchilari va rossiyalik mutaxassislar olib borishadi.
Bundan tashqari, Namangan shahrida “Sinergiya” Xalqaro korporatsiyasi raqamli kasblar texnikumi hamda bolalar oʻquv markazining tashkil etilishi munosabati bilan joriy yil 24 – 26-iyul kunlari davomida viloyat oʻrta taʼlim maktablari rahbarlari va soha mutaxassislari hamda viloyatdagi kasb-hunar maktablari va akademik litseylar, IT-taʼlim markazlari rahbarlari uchun “Sinergiya” raqamli kasblar texnikumi taqdimoti tashkil etildi.
Taqdimot marosimlarida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.









