Namangan viloyati hokimi mahalliy va xorijiy investorlar bilan navbatdagi uchrashuvini oʻtkazdi
2026-05-20 22:15:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan kadastr va sud-huquq masalalari, yer munosabatlari, bank kreditlari, soliq, yangi ish oʻrinlari yaratish, mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish, shuningdek boshqa qator muammo va takliflar ilgari surildi.
Xususan, Xitoylik investor Xung Chiyim, Namangan Qianxing Investment MChJ XK rahbari sifatida, Uychi tumanida tosh karer faoliyatini yoʻlga qoʻyish masalasida viloyat hokimiga murojaat qildi. Viloyat hokimi mazkur loyihani qoʻllab-quvvatlash va uni amalga oshirishda barcha zarur tashkiliy yordam koʻrsatilishini taʼkidlab, mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi.
Muhokamalar jarayonida murojaatlarning aksar qismi shu joyning oʻzida hal etildi. Vaqt talab etadigan masalalar esa belgilangan muddatlarda ijrosini taʼminlash uchun mutasaddi tashkilotlar nazoratiga olindi.
Taʼkidlash joizki, bunday ochiq muloqotlar viloyatda biznes va investitsiya muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, davlat organlari bilan ishbilarmonlar oʻrtasida ishonchli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









