9 may – Xotira va qadrlash kuni! Namangan viloyati markazidagi “Xotira xiyoboni” erta tongdan boshlab gavjum.
2026-05-09 12:05:00 / Yangiliklar

Yig‘ilganlar qalbida g‘urur-iftixor, bugungi dorilomon kunlarga shukronalik hissi jo‘sh urmoqda. Qalblarni ajib bir salobatli hayajon chulg‘aydi.
Soat millari 9:00 ni ko‘rsatganda maydonga Namangan viloyati hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida viloyatdagi mudofaa va xavfsizlik, huquq-tartibot idoralari rahbarlari kirib keldi.
Namangan harbiy gornizoni boshlig‘i harbiycha hurmat bilan viloyat rahbarini qarshi olib, tantanali gul qo‘yish marosimiga tayyorligi haqida axborot berdi.
Davlatimiz madhiyasi ijro etilganidan so‘ng harbiylar tantanali yurish bilan o‘tdilar.
Tadbirda Namangan viloyati hokimligi, mudofaa ishlari, huquqni muhofaza qilish idoralari boshqarmalari, davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari va yoshlar jamoalari tomonidan harbiy orkestr sadolari ostida xiyobonda joylashgan “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Tinchlik uchun kurashib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan mard va oliyjanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltirildi.
Ma’lumot uchun: ikkinchi jahon urushi yillarida Namangan viloyatidan frontga otlangan 67 ming 833 kishidan 3 803 nafari janggohlarda halok bo‘lgan, 15 mingdan ortig‘i frontda bedarak yo‘qolgan.
Ayni vaqtda Namangan viloyatida 2 nafar ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qilmoqda. Bayram arafasida ularning har biriga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimlar viloyatning shahar va tumanlarida, mahalla va guzarlarida davom etmoqda.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









