Jadal rivojlanayotgan Chortoqda yana bir yirik infratuzilma loyihasi — ko‘prik qurilishiga start berildi.
2026-05-08 17:15:00 / Yangiliklar

1974 yilda barpo etilgan mazkur ko‘prik Uychi va Chortoq tumanlarini o‘zaro bog‘lovchi muhim transport inshooti sifatida hududlararo qatnovda alohida ahamiyat kasb etib kelgan. Biroq yillar davomida tabiiy omillar, jumladan korroziya va yer yuzasi eroziyasi taʼsirida konstruksiyalarda maʼlum darajada eskirish holatlari yuzaga kelgan.
Mavjud holatni inobatga olgan holda, ko‘prikni zamonaviy muhandislik yechimlari asosida qayta qurish bo‘yicha qiymati 36 milliard so‘mlik loyiha ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, mazkur hududda harakat xavfsizligi to‘liq taʼminlangan, piyodalar yo‘laklariga ega va har tomonlama qulay bo‘lgan 4 tasmali yangi ko‘prik barpo etiladi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov mazkur obyektda bo‘lib, bunday yirik infratuzilma obyektlarini barpo etishda puxta hisob-kitoblar asosida ishlab chiqilgan, barcha texnik va xavfsizlik talablariga javob beradigan loyihalar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, ushbu loyihaning amalga oshirilishi hududning transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholi uchun qulay va xavfsiz harakat muhitini yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
Qurilish oldidan jonliq so‘yilib, nuroniylar ishtirokida xayrli ishlar bardavom bo‘lishini tilab duolar qilindi.
Shundan so‘ng, qurilish ishlari rasman boshlandi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati








