"Chortoq" sanatoriysi negizida yangi zamonaviy sihatgoh quriladi
2026-05-07 19:05:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda tumanda 11 ta sanatoriy hamda 46 ta uy mehmonxonasi faoliyat yuritib, minglab fuqarolarga xizmat koʻrsatib kelmoqda.
Sogʻlomlashtirish turizmiga boʻlgan talabning ortib borayotgani esa yangi zamonaviy maskanlarga ehtiyojni yanada kuchaytirmoqda.
Shundan kelib chiqib, tumanning Oromgoh mahallasi, "Salomatlik" koʻchasida joylashgan "Chortoq" sanatoriysi negizida yana bir zamonaviy sanatoriy qurilishiga start berildi.
Loyiha "Kalajak Mega Stroy" MCHJ tomonidan amalga oshirilib, umumiy qiymati 135 milliard soʻmni tashkil etadi. Zamonaviy talablar asosida barpo etiladigan 8 qavatli sanatoriy 200 oʻringa moʻljallangan boʻlib, bir vaqtning oʻzida 500 nafargacha fuqaroga kunlik davolanish xizmatini koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi.
Mazkur majmuada ilgʻor tibbiy xizmatlar, zamonaviy diagnostika va davolash xonalari, shuningdek, dam olish uchun barcha qulayliklar yaratilishi rejalashtirilgan. Bu esa Chortoq tumanining sogʻlomlashtirish va turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bugun ushbu loyihaning qurilishiga start berildi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov mazkur obʼektda boʻlib, bunday loyihalar hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va turizmni yanada kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Qurilish oldidan jonliq soʻyilib, nuroniylar ishtirokida xayrli ishlar bardavom boʻlishi tilab duolar qilindi.
Chortoq tumani hokimligi
Axborot xizmati









