Boʻlajak hojilarning navbatdagi guruhi ziyoratga joʻnab ketishdi.
2026-05-07 12:20:00 / Yangiliklar

Joriy yilda Namangan xalqaro aeroportidan umumiy 6 ta aviaqatnov rejalashtirilgan boʻlib, “Flyadeal” aviakompaniyasining Airbus 330, Airbus 320 turdagi zamonaviy samolyotlari orqali amalga oshirilmoqda.
Haj safariga yoʻl olayotgan fuqarolar uchun barcha zarur shart-sharoitlar oldindan puxta tayyorlandi. Xususan, tibbiy koʻriklar oʻtkazilib, hujjatlar rasmiylashtirildi, tashkiliy masalalar hal etildi.
Shuningdek, ziyoratchilarga safar davomida amal qilinishi lozim boʻlgan tartib-qoidalar, ibodatlarni ado etish boʻyicha tavsiyalar ham berildi.
"Haj" va "Umra" tadbirlarini tashkil etish boʻyicha masʼullar ziyoratchilarni bevosita kuzatib, ularga oq yoʻl tiladilar. Tashkilotchilar tomonidan safarning har bir bosqichi nazoratga olingani, ziyoratchilar uchun qulaylik va xavfsizlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilganini yana bir bor eslatib oʻtildi.
Navbatdagi reys bilan Namangan shahri, Namangan, Mingbuloq, Chortoq tumanlaridan 335 nafar ziyoratchi muqaddas safarga chiqdilar.
Samimiy suhbatlarda bugungidek dorilomon kunlarga yetkazganiga shukronalar aytildi, yurt taraqqiyoti, tinch-osuda hayot barqarorligini soʻrab, duolar qilindi.
"Namangan xalqaro aeroporti"da boʻlajak hojilarni Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida bir guruh mutasaddilar kuzatib qoʻyishdi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









