Namanganda biznes va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
2026-05-06 19:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuv avvalida “Art Soft Holding” kompaniyasining xitoylik hamkori — China San'an Construction Group Inc vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Unda kompaniyaning Pop tumanidagi 20 gektar yer maydonida 15 MVt quvvatli fotoelektr stansiyasi qurish tashabbusi muhokama qilindi. Mazkur loyiha nafaqat sanoat korxonalarini barqaror energiya bilan taʼminlaydi, balki “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etishga ham xizmat qiladi.
Shundan so‘ng, bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot davomida 50 nafardan ziyod tadbirkor o‘z muammo va takliflari bilan viloyat rahbariga murojaat qildi. Kadastr va yer munosabatlari, sud-huquq tizimi, bank kreditlari, soliq yuki, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Murojaatlarning aksariyati shu joyning o‘zida hal etildi.
Tadbirda xorijiy investorlar ishtiroki alohida eʼtibor markazida bo‘ldi. Janubiy Koreyaning “Federation of Buyogun Rice Farmers” tomonidan intensiv usulda guruch yetishtirish bo‘yicha investitsiya loyihasi taqdim etildi. Qiymati 10 million dollarga teng ushbu tashabbus hududda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilishga ko‘maklashadi.
Korxona direktori Song In-Sung tomonidan bojxona orqali zamonaviy texnika va uskunalarni olib kirish masalasi ko‘tarildi. Viloyat hokimi mutasaddi idoralarga mazkur murojaatni tezkor va samarali hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Muhokamalar yakunida ijrosi vaqt talab etadigan masalalar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi va ijrosi qatʼiy nazoratga olinishi belgilandi.









