Orziqib kutilayotgan 65-xalqaro "Gullar festivali" tobora yaqinlashmoqda: tayyorgarlik ishlari joyiga chiqqan holda muhokama qilindi.
2026-05-01 20:55:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bugun festival oldidan olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Xususan, Ginnesning rekordlar kitobidan joy olish uchun boshlangan “Bir oy davomida jamoa tomonidan ekilgan eng ko‘p gullar” nominatsiyasi bo‘yicha rekord natija qayd etish borasidagi saʼy-harakatlar ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududidagi ajratilgan maydonlarda turli kompozitsiya va dizaynlar yaratish jarayoni o‘rganildi. Bog‘ maydoni to‘liq ravishda gul ekish jarayonlariga moslashtirilib, festival doirasida namoyish etiladigan kompozitsiyalar uchun zamin hozirlandi. Viloyat rahbari taqdim etilgan loyiha takliflarini ko‘zdan kechirib, ularning estetik jihatlari va dizayn yechimlariga alohida urg‘u berdi.
Bu yilgi festivalda nafaqat anʼanaviy gul bezaklari, balki innovatsion landshaft dizayn elementlari ham keng o‘rin olishi kutilmoqda.
O‘rganish yakunida viloyat hokimiga festival kunlari jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berildi. Xususan, avtoparad yo‘nalishi, mehmonlar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat rahbari xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha barcha zarur tadbirlarni ishlab chiqish, avtoturargohlar sonini ko‘paytirish, festival ishtirokchilari sayr qiladigan maydonlarni kengaytirish, ichki imkoniyatlarni ishga solish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









