Biznes va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan navbatdagi muhim muloqot boʻlib oʻtdi.
2026-04-27 22:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Shuxrat Aliyev ham ishtirok etdi. Ochiq muloqot davomida 50 nafardan ziyod tadbirkor oʻzlarini qiynayotgan masalalar va takliflarini bildirish imkoniga ega boʻldi.
Tadbirkorlar tomonidan kadastr va yer munosabatlari, sud-huquq masalalari, bank kreditlari, soliq yukini yengillashtirish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda ishlab chiqarishni kengaytirishga oid qator dolzarb masalalar koʻtarildi. Ayrim murojaatlar shu joyning oʻzida hal etilgani tadbirkorlar uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Uchrashuvda xorijiy investorlar ishtiroki alohida eʼtiborga molik boʻldi. Jumladan, Xitoy Xalq Respublikasining Shandong Hongsheng New Energy Technology Co., Ltd. kompaniyasi vakili Guo Yugang tomonidan viloyat hokimiga Namangan viloyatida yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejasi borligi maʼlum qilindi.
Unga koʻra, qiymati 9 million dollar boʻlgan mazkur loyiha doirasida avtotransportlar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.
Investorlar tomonidan ushbu maqsadda “Namangan” erkin iqtisodiy zonasidan 3 gektar yer maydoni ajratish masalasi koʻtarildi. Viloyat hokimi loyihani maʼqullab, uni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha tegishli topshiriqlar berdi. Taʼkidlanishicha, loyiha toʻliq ishga tushgach, kamida 100 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Muhokamalar jarayonida vaqt talab etadigan masalalar belgilangan muddatlarda hal etish uchun mutasaddi tashkilotlarga yuklatildi va ijrosi nazoratga olindi.









