Namanganda industrial va logistika obyektlari: yirik industrial park, sovutgich va muzlatgich omborlari barpo etiladi.
2026-04-04 14:05:00 / Yangiliklar

Griffin Partners – Rossiya, MDH hamda Yevropa bozorlarida faoliyat yurituvchi tajribali developer va aktivlarni boshqaruvchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya ko‘chmas mulkning turli segmentlarida A sinf obyektlarini rivojlantiradi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov xorijiy investorni qabul qildi.
O‘zaro muloqotda Namangan viloyatida yirik ishlab chiqarish obyektlari soni va eksport hajmi o‘sib borayotgani eʼtirof etilib, o‘z navbatida industrial va logistika obyektlariga ehtiyoj ortayotgani taʼkidlandi.
Ayniqsa, viloyatning qo‘shni Qirg‘iz hamda Tojikiston Respublikalari bilan chegara-bojxona maskanlari barqaror faoliyat ko‘rsatayotgani, Namangan ushbu yo‘nalishda muhim ahamiyatga ega qulay lokatsiyada joylashgani qayd etildi.
Muloqotda 100 kilometr masofadagi Angren-To‘raqo‘rg‘on yo‘lbo‘yi infratuzilmasini tartibli tashkil qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja doirasida ushbu industriya logistika obyektlarini joylashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Ayni vaqtda xorijiy kompaniya vakillari Namanganda yirik industrial park, sovutgich va muzlatgich omborlari barpo etish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati




