Namangan viloyati turizm sohasida yangi bosqich boshlanmoqda: Pop tumanida “Arashan Resort” yirik turistik majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
2026-03-21 21:45:00 / Yangiliklar

Umumiy qiymati 150 million dollar bo‘lgan loyiha 600 gektar maydonda tashkil qilinib, zamonaviy turizm infratuzilmasiga ega bo‘lgan yirik dam olish va sayohat markaziga aylanadi.
Navro‘z umumxalq bayrami arafasida “Arashan Resort” majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi qo‘shaloq shodiyonaga aylanib ketdi.
Tadbirda viloyat hokimi boshchiligida huquqni muxofaza etuvchi idoralar, Davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar ishtirok etdilar.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov yig‘ilganlarni Navro‘z bayrami bilan qutlab, turizm yo‘nalishidagi yangi loyiha mohiyati haqida to‘xtaldi.
Ta’kidlandiki, loyiha to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng kunlik 2,5 ming nafar sayyohni qabul qilish, yillik 912 ming nafar turistga xizmat ko‘rsatish, 2 000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, majmua doirasida ekologik turizm zonalari, ekstremal va tog‘ turizmi infratuzilmalari, gastronomik turizm markazlari, sayohat va madaniy dam olish maskanlari, rekreatsion va sog‘lomlashtirish hududlari tashkil etiladi.
Bu yerda tematik parklar, tog‘ chang‘isi komplekslari, ziplayn, restoran va kafelar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, ekobozor, bolalar maydonchalari, sport maydonlari hamda termal suv basseynlari barpo etilishi rejalashtirilgan.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur loyiha Yaponiyaning nufuzli “NGEA – Nippon Global Education and Assessment” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu esa majmuaning xalqaro standartlar asosida barpo etilishiga xizmat qiladi.
Tamal toshi qo‘yish marosimida yaxshi niyatlar bilan jonliq so‘yilib, nuroniylar duosi bilan ezgu ishga oq fotiha berildi.
El suygan xonandalar, estradamiz yulduzlari — Gulasal Abdullayeva, Nilufar Usmonova, Yahyobek Mo‘minov va boshqalarning dilrabo qo‘shiqlari tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









