Namangan viloyati hokimi va viloyat prokurori mahalliy hamda xorijiy investorlar bilan navbatdagi uchrashuvini o‘tkazdi.
2026-03-04 17:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan kadastr va sud-huquq, yer munosabatlari, bank kreditlari, soliq masalalariga oid, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish, mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish va boshqa qator muammo hamda takliflar ilgari surildi.
Masalan, Yangi Namangan tumani "Mingchinor" mahallasida joylashgan “Mirobid” tekstil korxonasi bosh hisobchisi Otabek Abdullayev soliq, kadastr masalasi bilan bog‘liq muammo bo‘yicha murojaat qildi:
-Biz tadbirkorligimizni kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadida yer maydoni sotib olgan edik. Biroq, Kadastr agentligining xatosi tufayli yana yarim gektar yer bizning MCHJ nomiga o‘tib qolgan.
Mazkur xatolik natijasida bir yil davomida muammo saqlanib qoldi, qayta-qayta ariza berganimizdan so‘ng 2025 yil, avgust oyida Kadastr agentligi tomonidan hujjatlarimiz to‘g‘rilanib, qo‘limizga topshirildi.
Hozirgi kunda esa soliq organlari tomonidan muammo yuzaga kelmoqda. Ularning ma’lumotlar bazasida yer maydoni ortiqcha qo‘shilib qolgani sababli, qonuniy asoslarsiz ravishda, amalda foydalanilmayotgan yer hisobidan 3 barobar katta miqdorda soliq hisoblab chiqarilmoqda.
Ushbu holat yuzasidan viloyat hokimiga murojaat qildik. Masala ko‘rib chiqilib, tegishli tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi. Bunday e’tibor uchun rahmat,-deydi u.
Muhokamalar jarayonida murojaatlarning aksar qismi shu joyning o‘zida hal etildi. Vaqt talab etadigan masalalar esa belgilangan muddatlarda ijrosini ta’minlash uchun mutasaddi tashkilotlar nazoratiga olindi.
Ta’kidlash joizki, bunday ochiq muloqotlar viloyatda biznes va investitsiya muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari bilan ishbilarmonlar o‘rtasida ishonchli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









