Kosonsoyda farmatsevtika sanoati jadal rivojlanmoqda
2026-03-04 14:15:00 / Yangiliklar

Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Kosonsoy tumanidagi ushbu erkin iqtisodiy zonada bo‘lib, sohada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishdi.
Dastlab hududdagi yirik loyihalardan biri — SPRING PHARMACEUTIC MCHJ korxonasi faoliyati ko‘zdan kechirildi. Bu yerda Angliyaning MEDIKAL KAPITAL LTD kompaniyasi bilan hamkorlikda “Tayyor dori vositalarini ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyihaning birinchi bosqichiga 5 million dollar, ikkinchi bosqichiga esa 3 million dollar investitsiya yo‘naltirilgan. Korxonada 100 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Hozirda Xitoydan zamonaviy dastgohlar olib kelinib, qo‘shimcha qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shundan so‘ng viloyat hokimi “Salomatlik diyor kelajak sari” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha bilan tanishdi. Qiymati 10 million AQSH dollariga teng, 2 gektar maydonda barpo etilgan mazkur korxona farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, hozirgi kunda loyihaning birinchi bosqichi ishga tushirilgan va 40 nafardan ortiq aholi bandligi ta’minlangan.
Loyihaning ikkinchi bosqichida Rossiya davlati bilan hamkorlikda qiymati 3 million AQSH dollari bo‘lgan yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, viloyat rahbari hududdagi BEST FABRICS TEX MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan “Gigiyenik vositalar, tibbiyotda ishlatiladigan ip va matolar hamda dorivor o‘simliklarni quritish va qadoqlash” loyihasi bilan ham tanishdi. Qiymati 1,2 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu korxona 1 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, ayni paytda qurilish ishlari davom etmoqda.
O‘rganishlar davomida, shuningdek, AHSIKENT SOF SANOAT MCHJ tomonidan umumiy qiymati 25 mlrd so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirilayotgan “Tibbiyot qo‘lqoplari va tibbiyot vositalari ishlab chiqarish” loyihasi ham ko‘zdan kechirildi. Hozirgi kunda mazkur korxonada 70 nafardan ortiq doimiy ish o‘rinlari yaratilgan.
Viloyat hokimi korxonalar faoliyatini yanada kengaytirish, yakunlanmagan loyihalarni tezlashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Kosonsoy tumani hokimligi
Axborot xizmati









