Pop tumanining "Chodak" qishlog‘i hududida inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan noqonuniy qurilmalar yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
2026-03-03 18:05:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bugun mazkur hududni ko‘zdan kechirib, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan hamda tegishli ruxsatnomalarsiz faoliyat yuritayotgan ko‘ngilochar obyektlar egalari bilan uchrashdi.
Taʼkidlandiki, Ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ayrim inshootlar qonun talablariga zid ravishda o‘rnatilgani aniqlangan. Sud qaroriga muvofiq, ularni bartaraf etish ishlari belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda. Jarayon Majburiy ijro byurosi tomonidan xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya etilgan holda bajarilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar eng avvalo, aholi va sayyohlar xavfsizligini taʼminlash, noqonuniy faoliyatga chek qo‘yish va jamoat tartibini mustahkamlashga qaratilgani tushuntirildi.
Shuningdek, viloyat hokimi noqonuniy deb topilgan qurilmalar egalariga qonuniy va xavfsiz turizm faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatilishini taʼkidladi.








