Namangan viloyati hokimi mahalliy va xorijiy investorlar bilan navbatdagi uchrashuvini o‘tkazdi
2026-02-25 14:35:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan kadastr va sud-huquq masalalari, yer munosabatlari, bank kreditlari, soliq, yangi ish o‘rinlari yaratish, mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish, shuningdek boshqa qator muammo va takliflar ilgari surildi.
Masalan, Chortoq tumani "Bog‘ishamol" mahallasida istiqomat qiluvchi tadbirkor Tohir Turg‘unboyev parrandachilik loyihasi bo‘yicha murojaat qildi:
-60 sotix yer maydonida parrandachilik xo‘jaligi tashkil etish uchun qurilish ishlarini boshlashga ruxsat ololmayotgan edim. Uchrashuvda men duch kelayotgan muammoni ochiq aytdim va unga ijobiy yechim topildi. Buning uchun viloyatimiz hokimiga, huquqni muxofaza etuvchi idoralar rahbarlariga rahmat! Kelgusida 160 ming bosh parranda boqib, 14 ta yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirganmiz.
Muhokamalar jarayonida murojaatlarning aksar qismi shu joyning o‘zida hal etildi. Vaqt talab etadigan masalalar esa belgilangan muddatlarda ijrosini taʼminlash uchun mutasaddi tashkilotlar nazoratiga olindi.
Taʼkidlash joizki, bunday ochiq muloqotlar viloyatda biznes va investitsiya muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari bilan ishbilarmonlar o‘rtasida ishonchli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









