Namangan viloyati hokimi 104 yoshli urush qatnashchisi bilan iftorlik qildi.
2026-02-24 22:25:00 / Yangiliklar

Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, "Nuroniy" jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi, senator Ikromxon Najmiddinovlar Yangiqoʻrgʻon tumanidagi “Oqtepa” mahallasida yashovchi, 104 yoshni qarshilagan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Muhammadibrohim ota Inomov xonadonida boʻlib, bir dasturxon atrofida iftorlik qildilar.
Samimiyatga yoʻgʻrilgan suhbatda yurt tinchligi, xalq farovonligi va amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari xususida fikr almashildi.
Duolarda muhtaram Prezidentimiz gʻamhoʻrliklari ostida amalga oshirilayotgan ezgu amallar eʼtirof etildi. Oʻzbekistonimiz osmoni doimo musaffo, tinchlik bardavom boʻlishi, Yurtboshimizga uzoq umr tilab, duolar qilindi.
Ramazon — bu shunchaki roʻza tutish oyi emas, balki inson qalbidagi mehrni uygʻotish, ehson orqali jamiyatni birlashtirish, keksalarni qadrlash va muhtojlarga yelkadosh boʻlish davridir. Ana shunday xayrli yoʻqlovlar va samimiy muloqotlar esa bu muborak oyning maʼnaviy ahamiyatini yanada yuksaltirmoqda.
Yangiqoʻrgʻon tumani hokimligi
Axborot xizmati





