Chiqindini qayta ishlash — ekologik ahamiyatga ega yirik investitsion loyiha
2026-02-20 16:40:00 / Yangiliklar

Zarafshon MFY hududida “Everbright Environmental Energy Namangan” MCHJ XK tomonidan Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 141,5 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov olib borilayotgan qurilish ishlari jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Maʼlumot uchun, loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 547,5 ming tonna maishiy chiqindi qayta ishlanadi hamda 310 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ushbu hajmning 254 million kVt·soati elektr tarmoqlariga uzatilib, qariyb 300 ming nafar aholining yillik elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplash imkoni yaratiladi.
Shuningdek, loyiha doirasida 180 nafar fuqaroning doimiy bandligi taʼminlanishi rejalashtirilgan.









