“Biz giyohvandlikka qarshimiz!”— navbatdagi yoshlar festivali ana shu shior ostida oʻtdi.
2026-02-18 19:40:00 / Yangiliklar

Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida viloyat huquq-tartibot organlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdilar.
Koʻtarinki ruhda tashkil etilgan tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, Prezident tashabbuslari va davlat siyosatida yosh avlodga qaratilayotgan eʼtibor haqida toʻxtalib oʻtdilar.
Festival doirasida tashkil etilgan boʻsh ish oʻrinlari — “Yoshlar mehnat yarmarkasi”, rasmlar tanlovi, kitoblar yarmarkasi, konsert dasturi, harbiylar chiqishi, harbiy texnikalar va qurol-aslahalar koʻrgazmasi, nogironlpigi boʻlgan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi va savdosi, “Zakovat” intellektual oʻyini, shaxmat, futbol, voleybol, boks, kurash, stol tennisi, armrestling, kamondan oʻq otish, milliy xalq oʻyinlari va “Osh chempionati” tanlovi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Gala konsertda estradamiz yorqin yulduzi Sevinch Moʻminova tomonidan kuylangan shoʻx va diltorlar qoʻshiqlar yigʻilganlarga qaynoq kayfiyat bagʻishlagan boʻlsa, Oʻzbekiston xalq artisti, soʻz ustasi Mirzabek Xolmedovning chiqishlari barchaga aʼlo kayfiyat ulashdi .
Festival davomida barcha musobaqalarning gʻolib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Kosonsoy tumani hokimligi
Axborot xizmati









