Taʼlim-tarbiyada Yaponiya tajribasi Namanganda sinovdan o‘tkazilmoqda.
2026-02-17 18:35:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha doirasida viloyat bo‘yicha 17 ta umumtaʼlim maktabi hamda 18 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti tanlab olinib, ularda Yapon taʼlim tizimining samarali yo‘nalishlari joriy etilmoqda.
Eʼtiborlisi, bu jarayonga sohada katta tajribaga ega yaponiyalik mutaxassis - Goto Mikako xonim jalb etildi.
Goto Mikako Tokio shahrida tug‘ilgan. Meisei universitetining Gumanitar fanlar fakulteti Pedagogika yo‘nalishini tamomlagan. Shu bilan birga, boshlang‘ich maktab va bog‘cha o‘qituvchisi huquqini beruvchi davlat litsenziyalarini olgan. Amaliy taʼlim, rolli o‘yinlar, fanlararo integratsiya va maktab boshqaruvi sohalarida tajribaga ega. Yaponiya taʼlim tizimining zamonaviy metodikalarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha mutaxassis.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Goto Mikakoni qabul qildi.
O‘zaro muloqotda Namangan maktablarida “Yaponiya tajribasi”ni keng joriy etishdan ko‘zlangan maqsad va mohiyat, kutilayotgan natija haqida fikr-mulohaza almashildi. Taʼkidlandiki, o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, yuqori intizom, jamoada ishlash madaniyati, mehnatsevarlik va masʼuliyat hissini shakllantirish barobarida odob-ahloq fazilatlarini kuchaytirish lozim. Bu borada O‘zbekiston va Yaponiya xalqlari o‘rtasida mushtaraklik, o‘xshash jihatlar juda ko‘p.
Goto Mikako xonim Namanganda yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, hamkorlikda yaxshi natijalarga erishish uchun astoydil intilishini taʼkidladi.
Ushbu tashabbus o‘quvchilarda intizom, masʼuliyat va ijtimoiy faollik kabi muhim hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati



