65-xalqaro "Gullar festivali" mahallalardan boshlanadi.
2026-02-17 10:35:00 / Yangiliklar

Namangan tumanining gulchilik “drayver”ga aylangan hududi - "Navroʻz" mahallasida 52 foiz xonadon gulchilikka ixtisoslashgan boʻlib, har birining yillik daromadi oʻrtacha 120-130 million soʻmni tashkil etadi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bugungi oʻrganishlarini ushbu mahalladan boshladi.
Bundan uch yil avval istiqbolli navlarni koʻpaytirish, xorijdan keltirilgan koʻchatlarni mahalliylashtirish orqali yangi navlar yaratishga yoʻnaltirish maqsadida tadbirkor Oybek Nuriddinov tomonidan 70 sotix yer maydonida 6,8 milliard soʻm mablagʻ hisobiga barpo qilingan “Husanboy firdavs gullari klasteri”da gul doʻkoni va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda.
Muhimi, gulchilik klasterining oʻzida 20 kishi, kooperatsiya asosida esa 300dan ziyod kishining bandligi taʼminlanmoqda.
Viloyat hokimi aholi vakillari, gulchilik klasteri aʼzolari, tadbirkor gulchilar va mahalla "yettiligi" bilan uchrashib, sohada olib borilayotgan ishlar, bu yilgi rejalar haqida suhbatlashdi.
Muloqotda 65- xalqaro "Gullar festivali"ga hozirdan puxta tayyorgarlik koʻrish masalasi muhokama qilinib, masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









