Avtofestivalning qaynoq nuqtasi: eng yaxshilar taqdirlandi
2026-02-14 23:30:00 / Yangiliklar
Xalqaro miqyosda tashkil etilgan ushbu festival ishtirokchi va mehmonlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi. Tadbir doirasida noyob avtomobillar paradi, retro hamda tyuning avtomobillar koʻrgazmasi, ehtiyot qismlar yarmarkasi, qimmatbaho sport avtomobillari namoyishi, shuningdek, turli tanlov va musobaqalar oʻtkazildi.
Kechki payt boʻlib oʻtgan tantanali yopilish marosimida festival davomida faol ishtirok etganlar, shuningdek, turli yoʻnalishlar boʻyicha gʻolib va sovrindorlar munosib ravishda ragʻbatlantirildi. Xususan, “Eng yaxshi retro avtomobil”, “Eng yaxshi ichki va tashqi tyuning”, “Eng yaxshi ovoz tyuningi”, “Eng yaxshi avtomobil dvigateli” kabi nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, taqdirlandi.
Mukofotlarni Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov hamda huquq-tartibot organlari rahbarlari tantanali ravishda topshirdilar.
Festivalning yopilish marosimi el orasida mashhur sanʼatkorlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yanada fayzli oʻtdi. Jumladan, Doston Ergashev ijrosidagi qoʻshiqlar tadbirga bayramona ruh bagʻishladi.
2-xalqaro "Namangan avto festivali" ana shunday koʻtarinki ruhda yakunlandi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati
