“Axsikent muzeyi” xalqaro tajribalar asosida barpo etiladi.
2026-02-12 18:55:00 / Yangiliklar

Outdoor Factory kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Hüseyin Avni Güçlü (Husayn Avni Guchlu) Namangan viloyatida muhim loyihalardan biri – “Axsikent muzeyi” qurilishini amalga oshirish va bezatish taklifi bilan keldi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov xorijiy mehmonni qabul qilib, takliflari bilan tanishdi.
O‘zaro muloqotda Namanganda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan loyihalar va imkoniyatlar xususida fikr almashildi. Shuningdek, Axsikent yodgorligi hududida xalqaro tajribalar asosida zamonaviy muzey tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
- Kompaniyamiz shu vaqtga qadar O‘zbekistonda bir qator yirik loyihalarni, jumladan, Samarqanddagi Imom Buxoriy muzeyini, Toshkentdagi “Istiqlol” monumentini, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyini, Islom sivilizatsiyasi markazidagi Islomdan avvalgi davrga bag‘ishlangan zalni, Zomin va Jizzaxdagi muzey loyihalarini muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etdi. Hozirgi kunda esa Amir Temur muzeyida amaliy ishlarni boshlash arafasidamiz. Ushbu boy tajribamizga tayangan holda, avvalroq ustida ishlagan Axsikent muzeyi konsept-loyihasini taqdim etmoqdamiz, - dedi Hüseyin Avni Güçlü.
Viloyat hokimi loyiha taklifi bilan tanishib, uni yanada boyitish va takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Shuningdek, muzey qurilishini joriy yil may-iyun oylarida Namanganda o‘tadigan 65-xalqaro “Gullar festivali”ga uyg‘unlashtirgan holda tezlashtirish yuzasidan kelishib olindi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati





