Viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid ustuvor vazifalar, mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish va unga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
2026-02-10 07:30:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshqargan selektor tarzidagi yigʻilishda dastlab avvalgi topshiriqlar ijrosi tahlil qilindi. Shuningdek, joriy haftada amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.
Xususan, viloyat rahbari aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish jarayonini tezlatish, Angren-Toʻraqoʻrgʻon yoʻl boʻyi Master-rejasi ijrosi, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, “Yangi Namangan” mahallasidagi bunyodkorliklarni belgilangan muddatda bajarish, qishloq xoʻjaligidagi dolzarb yumushlar, taʼlim tizimida sinov tariqasida olib borilayotgan “Yaponiya tajribasi”ni boshlangʻich sinflarga keng joriy etish, 2-xalqaro “Namangan avto festivali”ga tayyorgarlik jarayoniga alohida eʼtibor qaratdi. Fuqarolar murojaatlari bilan ishlashga barcha rahbarlar masʼul ekanligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish sohasidagi holat alohida muhokama qilindi. Bu masala boʻyicha viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Aliyevning axboroti tinglandi.
Joriy yilning yanvar oyida jinoyatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻygan 40 ta mahallalar, shuningdek, ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar sodir etilgan mahalla fuqarolar yigʻinlari raisi hamda profilaktika inspektorlarining faoliyati tanqidiy koʻrib chiqildi.
Viloyat hokimi mahalla “yettiligi”, faollari ishtirokida oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik, bunda profilaktika ishlari va jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish lozimligiga toʻxtalib, mutasaddilardan masʼuliyat talab qildi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









