Namanganda bozorlarni tartibga solish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish masalalari muhokama qilindi
2026-02-10 07:05:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari asosida mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan islohotlar ijrosi, xususan, hududlardagi bozorlar faoliyatini belgilangan talablar asosida tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, bozorlar iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Biroq, ayrim bozorlarda sanitariya-gigiyenik holat, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmayotgani, narx-navo ustidan nazoratning sustligi, shuningdek, yashirin iqtisodiyot ko‘lamining kengayib borayotgani kabi muammolar mavjudligi qayd etildi.
Yig‘ilish davomida Namangan shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlaridagi bozorlarda soliq bazasini kengaytirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, bozor faoliyatini tartibga solish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, yong‘in xavfsizligi va sanitariya-gigiyenik holatni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda mavjud kamchiliklar yuzasidan mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglandi.
Muhokamalar yakunida viloyat hokimi tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish, bozorlarda shaffoflikni ta’minlash, raqamlashtirish ishlarini tezlatish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda nazorat tadbirlarini kuchaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









