Shveysariyaning “Bartholet” kompaniyasi rahbariyati Namanganda kanatli yo‘llar qurish taklifi bilan keldi.
2026-02-05 19:05:00 / Yangiliklar

“Bartholet” kompaniyasi Bosh ijrochi direktori Markus Menzi boshchiligidagi delegatsiya yangi loyihalar bo‘yicha takliflar bilan viloyatimizga keldi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov xorijiy kompaniya vakillarini qabul qildi.
O‘zaro muloqotda “Kamchik” dovoni hamda “Arashan ko‘li” atrofida zamonaviy, jahon standartlari talablariga javob beradigan kanatli yo‘llar barpo etish masalasi muhokama qilindi. Xorijiy kompaniya ko‘p yillik tajribalariga asoslanib, ushbu yo‘nalishda yangi loyihalarni taqdim etadigan bo‘ldi.
- Men Namanganga kelajakdagi loyihalarni rivojlantirish va o‘rganish maqsadida keldim. Namangan viloyati hokimi bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lganim men uchun katta sharaf. Shuningdek, ushbu mamlakat va hudud yaqin kelajakda taqdim etayotgan barcha imkoniyatlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish men uchun juda muhim. Biz turizmni rivojlantirish sohasida mutaxassismiz va kelgusi bir necha yil ichida ushbu hududda amalga oshiriladigan barcha rivojlanish jarayonlarida ishtirok etishni istaymiz, - dedi Markus Menzi.
Ayni vaqtda xorijlik ishbilarmonlar joylarga chiqib, yangi loyihalar taklifi uchun mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati





