Namangan gulchilari 65-xalqaro “Gullar festivali”ga qizgʻin tayyorgarlik koʻrishmoqda.
2026-02-04 11:20:00 / Yangiliklar

Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Davlatobod tumanida joylashgan «Gulchilik plantatsiyasi»da faoliyat yuritayotgan tadbirkor - gulchilar bilan uchrashdi. Muloqotda gulchilik sohasidagi mavjud muammolar, ishlab chiqarish hajmini oshirish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash hamda yangi va noyob gul navlarini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, 65-xalqaro “Gullar festivali”ni yuqori saviyada tashkil etish, uning mazmun-mohiyatini yanada boyitish va mehmonlar uchun jozibador muhit yaratish boʻyicha tegishli tashkilot va idoralarga aniq vazifa hamda topshiriqlar berildi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, Namangan gullari nafaqat ichki bozorda, balki qoʻshni viloyatlarda ham katta talabga ega. Bu esa hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va turizm salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Uchrashuv yakunida Namangan shahar va Davlatobod tumani hokimlariga tadbirkorlar tomonidan yetishtirilayotgan gullarni qoʻshni davlatlarga eksport qilishda uchrayotgan muammolarni bartaraf etish, bu borada tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.









