Toʻraqoʻrgʻon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 2026-yil dasturi muhokama qilindi.
2026-01-28 09:55:00 / Yangiliklar

Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan rejalar, “Yoʻl xarita”lari taqdimotida aks etganidek, yil davomida jami 223,4 milliard soʻmlik loyihalar tadbiq qilinadi.
Tuman hokimi Sherali Qosimov yangi uy-joylar barpo etilishi, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, kommunal xizmatlar sifatini oshirish, savdo va servis xizmatlari koʻrsatishni yanada yaxshilash, yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish va bandlikni taʼminlash, investitsiyalar jalb etish kabi muhim yoʻnalishlarda olib boriladigan ishlar haqida batafsil axborot berdi.
2026-yilda tumanda eksport hajmi 164,4 million dollarga yetkazilib, shundan sanoatda 136,4 million dollar, meva-sabzavotda 28 million dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan. Buning uchun yangi bogʻlarni koʻpaytirish va dunyo bozoriga mos navli koʻchatlar ekish tadorigi koʻrilgan.
Viloyat hokimi loyihalarda aks etgan ishlar koʻlami boʻyicha oʻz mulohaza va takliflarini bildirdi. Toʻraqoʻrgʻon tumanining viloyatda oʻz oʻrni borligini eʼtirof etdi va harakatlar shunga mos davom etishi lozimligini taʼkidladi.
Yakunda taqdimotni yanada takomillashtirish, loyihalarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati








