Qishloq xo‘jaligidagi dolzarb tadbirlar ijrosi, fermerlar mas’uliyati muhokama qilindi
2026-01-15 14:05:00 / Yangiliklar

Viloyatda 2026 - yil g‘alla hosili uchun 64 410 gektar maydonga boshoqli don ekilib, parvarish qilinmoqda. Har gektaridan o‘rtacha 85,1 sentnerdan hosil olib, 548 ming 390 tonna boshoqli don yetishtirish belgilangan.
Dastlab g‘alla parvarishining borishi muhokama qilindi. Bu bo‘yicha mutaxassislardan iborat ishchi guruhlari tomonidan hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar bir-bir ko‘rsatib o‘tilib, bartaraf etish choralari haqida gap bordi. Jumladan, “chilla suvi” berish, mahalliy hamda mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, o‘simliklar karantini xizmati faoliyatini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, viloyatda 2026 - yil paxta hosili uchun 48800 gektar maydonlarga qo‘shqator usulda chigit ekib, o‘rtacha 52,2 sentnerdan hosil olish maqsad qilingan.
Viloyat hokimi ushbu ko‘zlangan rejaga erishish, yuqori hosil yetishtirish uchun sohada innovatsion agrotexnologiyalarni joriy etish zarurligini alohida ta’kidladi.
Buning uchun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan tadbirlar, xususan, yer va texnikalarni mavsumga sifatli tayyorlash, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, bir so‘z bilan aytganda, hosildorlikni oshirish uchun barcha manbaalarni ishga solish kerakligi qayd etildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan sohaning faxriy oqsoqollari, mutaxassislarining tavsiyalari, fikr-mulohazalari tinglandi.
Viloyat rahbari tumanlar hokimlari, paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi fermerlar bilan muloqot qilib, ularning muammolarini o‘rgandi.
Viloyat prokurori U.Madrahimov, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Aliyev sohada qonuniylikni ta’minlash masalalari haqida to‘xtaldilar.
Tanqidiy-taxliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida “uyg‘onish” zarurligi aytilib, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq hamda ko‘rsatmalar berildi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









