Namangandagi maktablarda Yaponiya tajribasi joriy etilmoqda
2026-01-11 17:45:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda yoshlar orasida ko‘p uchrayotgan intizom, masʼuliyat, jamoaviylikning sustligi, telefonga haddan tashqari bog‘lanish, befarqlik hamda tarbiyaviy bo‘shliq kabi muammolarga yechim sifatida mazkur tajriba muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan 7–9 yosh oralig‘ida bu kabi ko‘nikmalar shakllanishi inobatga olinib, tartib-qoidalar boshlang‘ich sinflardan boshlab joriy etilishi belgilangan.
Tajriba doirasida har bir o‘quvchi sinf xonasiga kirganda o‘ziga biriktirilgan shkafga kiyimlarini joylaydi, ovqatlanishda faqat shaxsiy idishlardan foydalanadi hamda sinf xonasining tozaligiga o‘quvchilarning o‘zi masʼul bo‘ladi. Bu orqali bolalarda mustaqillik, tartib-intizom va jamoaga masʼuliyat hissi shakllantiriladi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov mazkur yo‘nalishda Namangan shahridagi 27-sonli umumtaʼlim maktabida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Ushbu maktabda “Yaponiya tajribasi” asosida 10 ta sinf faoliyat olib bormoqda. Tajribani samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida yaponiyalik mutaxassislar ham jarayonga jalb etilgan.
Viloyat rahbari bu masalaga yuzaki qaralmasligi lozimligini taʼkidlar ekan, Abdulla Avloniy taʼbiri bilan aytganda, “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan fikrni alohida qayd etdi. Ushbu tajriba asosida nafaqat o‘quvchilarning tarbiyasi, balki maktab muhitining yaxshilanishi, buning natijasida bolalarning ilmga bo‘lgan qiziqishi va intilishi ortishi taʼkidlandi.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan masʼul rahbarlarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.









