Pop-Namangan yo‘lining 75 kilometr qismini qayta qurish ishlari tezlashadi
2025-12-20 18:15:00 / Yangiliklar

Ushbu loyiha Xitoyning “CITIC Construction” kompaniyasi tomonidan “Moliyalashtirish + loyihalash + qurish” tamoyili asosida 4 tasmali sementobeton bilan qoplanadi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov “CITIC Construction Co., Ltd.” Yevropa va MDH davlatlari departamenti katta direktori Van Chanxua boshchiligidagi xitoylik investorlarni qabul qildi.
O‘zaro muloqotda loyihani tezlatish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Viloyat hokimi investorlarning muammolarini tinglab, ularni zudlik bilan hal etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Uchrashuvda loyihani tezroq hayotga tatbiq etish bo‘yicha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, jarayonni tezlatishga kelishib olindi.
Loyihadan kutilayotgan samaradorlik ancha yuqori, yaʼni, yuk ko‘tarish qobiliyati 13 tonna bo‘lgan Ib toifali umumiy foydalanishdagi yo‘llar uzunligi ulushini ko‘paytirish, yuk va yo‘lovchilar oqimining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha quvvatlar zaxiralarini 4 barobarga oshirish, baxtsiz hodisalarni kamaytirish, viloyat tumanlari aholisi va tadbirkorlari tomonidan Toshkent shahriga borib-kelishlariga hamda turizmni rivojlantirishga yanada qulaylik yaratish kabi juda ko‘plab natijadorlikdan iborat.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati





