Yangi yil bayrami arafasida Norin tumanida “Fishville Norin" gastronomik turizm markazi faoliyat boshladi
2025-12-19 16:10:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, shu yilning 15-16 sentyabr kunlari Prezidentimiz viloyatga tashriflari doirasida mazkur obyekt faoliyati bilan yaqindan tanishgan edilar.
Loyihaga tashabbuskor tomonidan umumiy qiymati 15 mln. AQSH dollari miqdorida mablag‘ jalb etilgan. Korxonada yiliga 2000 tonna baliq mahsuloti yetishtirilib, 10 mln. dollar eksport zaxiralari yaratildi.
Yangi yil bayrami arafasida oilaviy restoran ham bitkazilib, loyiha to‘liq ishga tushirildi. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 100 nafar mehmonga xizmat ko‘rsatiladi. Eng asosiysi, umumiy hisobda 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Tantanali marosimda Davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov yig‘ilganlarni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, baliqchilik drayverga aylangan Norin tumani uchun ushbu loyihaning ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Ramziy lenta qirqilib, gastronomik turizmga ixtisoslashgan yangi majmuadagi sharoitlar bilan tanishildi.
Nuroniylar duoga qo‘l ochib, faoliyatga oq fotiha berdilar.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









