Namangan viloyati hokimi hamda viloyat prokurorining mahalliy va xorijiy investorlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2025-12-10 18:45:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda 30 nafardan ziyod tadbirkor o‘z muammo va takliflari bilan ishtirok etdi. Ular kadastr va yer munosabatlari, bank kreditlari, soliq, ekologiya, yangi ish o‘rinlarini yaratish, faoliyatni kengaytirish, yengil sanoat va boshqa sohalardagi muammolarni ko‘tarishdi.
Uchrashuvda ishtirokchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning aksariyati shu yerning o‘zida hal etildi.
Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov masʼullarga aniq topshiriqlar berdi, ijrosi vaqt talab etadigan murojaatlar esa belgilangan muddatda hal etilishi uchun nazoratga olindi.
-IT yo‘nalishida turli yangi dasturlar yaratib kelyapman. Masalan, "Hasharchi" ilovasi orqali ijtimoiy tarmoqlar yordamida aholiga barcha turdagi xizmatlar ko‘rsatishni osonlashtirish ko‘zda tutilgan. Bugun viloyat hokimiga ular taqdimotini o‘tkazdim va jamoat joylarida reklamasi bo‘yicha yordam so‘radim. Murojaatimni va kelgusi rejalarimni batafsil tinglab, tegishli mutasaddilarga topshiriqlar, faoliyatim bo‘yicha esa qimmatli tavsiyalar berdilar, -deydi tadbirkor Xondamir Saidahmedov.
Bunday uchrashuvlar viloyatda biznes va investitsiya muhitini yaxshilash, davlat organlari bilan tadbirkorlar o‘rtasida ishonchli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati









