Namangan viloyati hokimi, Abdurazakov Shavkat Shokirdjonovichning Konstitutsiya qabul qilinganligining 33 yilligiga bag‘ishlangan marosimdagi so‘zi
2025-12-08 10:15:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli tantana ishtirokchilari!
Bugun mamlakatimizda bayram shukuhi – Bosh qomusimizning 33 yilligi keng nishonlanmoqda.
Fursatdan foydalanib, Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun viloyatimiz ahlini 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlab olingan huquqiy-demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib kelayotgan Asosiy qonunimizning milliy
taraqqiyotimizdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Hech shubhasiz, Asosiy Qonunimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining mustahkam huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida keyingi yillarda mamlakatimizda jadal amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida ijtimoiy-siyosiy hayotimizning mazmuni, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi tubdan o‘zgarayotgani ham ayni haqiqat.
Yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, millati, tili va dinidan qat’i nazar, jamiyatimizning teng huquqli a’zosi, o‘z taqdirining chinakam egasi, mamlakatimizdagi barcha o‘zgarish va yangilanishlarga o‘zini nafaqat daxldor, balki bu jarayonlarning bevosita ishtirokchisi, erkin va bunyodkor inson sifatida his etmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning besh ustuni, ya’ni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi, uning mazmuni tubdan takomillashtirilib, yangi bob va moddalar bilan boyitildi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari !
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning «O‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan doimo oldinga qarab boradi» degan so‘zlari bugun har bir insonning hayotiy tamoyiliga aylangan.
Ayniqsa, xalqaro munosabatlarda ochiq eshiklar siyosati, mintaqaviy yaqinlashuv va iqtisodiy diplomatiyaning yangi bosqichga ko‘tarilgani barcha sohalarda ulkan o‘zgarishlarga zamin yaratdi.
Bu jarayonlarda Namangan viloyati ham faol ishtirok etib, islohotlar samarasini hayotning barcha jabhalarida namoyon etmoqda.
Birinchidan, joriy yil 11 oy yakuni bilan viloyatda sanoat 109,1 foizga, qurilish 113,3 foizga va xizmat ko‘rsatish 115,1 foizga o‘sishi ta’minlandi.
Yil yakuni bilan esa, yalpi hududiy mahsulot hajmi 107,3 foizga o‘sib, 80,7 trln so‘mga yetishi kutilmoqda.
Ikkinchidan, barchangizni xabaringiz bor, joriy yilning 17-18 sentabr kunlari “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumini yuksak saviyada o‘tkazdik.
2025 yil 1 yanvar holatiga viloyatda kambag‘allik darajasi 7,6 foizga tushib, 238 ming nafar kambag‘al aholi qolgan edi.
Tasdiqlangan rejaga ko‘ra, kambag‘allikni 5,3 foizga qisqartirish belgilangan bo‘lib, xalqaro forumdan so‘ng kambag‘allik darajasini 2,5 foizga tushirishni o‘zimizga katta reja sifatida belgilab oldik.
Bugungi kungacha amalga oshirgan ishlarimiz natijasida kambag‘allik darajasi 3,3 foizni tashkil etmoqda. Yoki, yil boshidan buyon kambag‘al aholi soni 168,4 ming nafarga kamaydi.
Bundan tashqari, aholini ish bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunda, ishsiz, shu jumladan, kambag‘al aholini ishga joylashtirish maqsadida qiymati 1,2 trln so‘mlik 30,9 mingta mikroloyihalar ishga tushirilib, 63,2 ming nafar aholi band qilindi.
“Uychi” tajribasi asosida tadbirkorlarga oid 4 736 ta muammo va takliflarni hal etish hisobiga 69,8 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Yuqoridagilar hisobiga, yil yakuniga qadar yana 24,7 ming ta qo‘shimcha ish o‘rinlari barpo qilish orqali ishsizlikni keskin qisqartirishi kutilmoqda.
Shuningdek, Davlat Dasturlari doirasida barcha manbalar hisobidan 3,2 trln.so‘mlik qurilish ishlarini bajarilib, 1 379 ta obyekt foydalanishga topshirildi.
“Uy-joy qurish Dasturi” doirasida 8 500 ta xonadonli 170 ta ko‘p qavatli uylar qurish belgilanib, amalda 4 874 ta xonadonli 116 ta uylar aholiga taqdim etildi. Yil yakuniga qadar 3 626 ta xonadonli 54 ta uylar foydalanishga topshiriladi.
Yoki yo‘l sohasini olib ko‘raylik: joriy yil rejasi bo‘yicha hozirga qadar 1 084 km avtomobil yo‘llari ta’mirldan chiqarildi. Bu rejaning 94 foizi demakdir. Shundan 891,2 km ichki yo‘llarni ta’mirlandi, 23 dona ko‘priklarda qayta qurish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
Yana bir muhim masala, qish mavsumini betalofat o‘tkazish hisoblanadi. Shu maqsadda viloyatda tunu-kun faoliyat ko‘rsatadigan kuz-qish shtabini tashkil etdik.
Shtab tomonidan aholidan kelib tushadigan murojaatlarni tezkor ravishda hal etish choralari ko‘rilmoqda.
uchinchidan, joriy yilda qishloq xo‘jaligi sohasida ham qator yutuqlarga erishdik
Xususan, G‘allachilikda 66 ming 10 gektar maydondan o‘rtacha 85,1 sentnerdan 561 ming 685 tonna don yetishtirildi.
Paxtachilikda ham 48 898 gektar maydonning har gektaridan o‘rtacha 45,8 sentnerdan jami 223,9 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtirilib, yillik reja 104,6 foizga uddalandi.
Xullas, u kabi raqamilarni har bir sohada keltirib o‘tish mumkin.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Biz yaqinlashib kelayotgan yangi – 2026 yilda viloyatimizning yanada rivoji uchun yangi maqsadlarni ko‘zlayapmiz.
Namanganni yanada taraqqiy ettirish, 3 million 200 ming nafardan oshgan namanganliklarni bugunidan rozi qilish, kambag‘allikni kiskartirish, yangi uy-joylar barpo etish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha katta-katta vazifalar va dasturlar qabul qilamiz.
Ishonchim komilki, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, fidokorona mehnat qilib, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga, albatta erishamiz.
So‘zimning yakunida Sizlarni yana bir bor Konstitutsiyamizning 33 yilligi bilan samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Xalqimiz tinch, osmonimiz musaffo, Yurtboshimiz omon bo‘lsinlar!
E’tiboringiz uchun rahmat!
