Farmon va ijro
2024-04-30 19:09:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, muborak Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga oʻtgan 426 nafar shaxs davlatimiz rahbarining Farmoniga koʻra afv etilib, jazodan ozod etildi. Ular orasida 26 nafar namanganliklar ham bor.
Bugun Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Namangan viloyati Kengashi binosida afv tufayli jazoni ijro etish muassasalaridan oilasi bagʻriga qaytib kelgan yurtdoshlarimizning bir guruhi bilan muloqot oʻtkazildi.
Sektor rahbarlari – viloyat hokimi, prokurori, ichki ishlar hamda soliq boshqarmalari boshliqlari ular bilan yuzma-yuz suhbatlashdilar.
Oʻylamay bosgan qadami orqali jinoyat koʻchasiga kirib, tegishli jazosini olayotgan va bugun Prezidentimiz Farmoniga asosan muddatidan avval ochiqlikka chiqqan bu insonlar qilmishiga chin koʻngildan pushaymon ekanligini bildirib, davlatimizning kechirimlilik, insonparvarlik siyosati uchun minnatdorlik bildirdilar. Berilgan imkoniyatdan oqilona foydalanib, oilasi, mahallasi, yurti uchun sidqidildan ishlash maqsadida ekanliklarini aytdilar.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ularning fikr-mulohazalari, xohish-istaklari va kelgusi rejalarini atroflicha oʻrgandi. Ijtimoiy hayotga tezroq moslashishlari uchun ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik qilishga xohishi borlarga kredit va subsidiyalar ajratish yuzasidan mutasaddi idoralar rahbarlariga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berdi.
Suhbat soʻnggida afv etilganlarga roʻzgʻorda foydalanish uchun maishiy jihozlar berildi.
Namangan viloyati hokimligi, prokuratura, IIB Axborot xizmatlari.









