Namangan viloyati delegatsiyasi Yaponiyada: iqtisodiyot va tibbiyot sohasida muhim kelishuvlar imzolandi
2025-11-27 14:25:00 / Yangiliklar

Yaponiyaga tashrifi doirasida viloyat tadbirkorlari va mutaxassislari qator amaliy uchrashuvlar o‘tkazib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilmoqda.
Xususan, viloyatning yetakchi to‘qimachilik ishlab chiqaruvchi korxonalari — Ideal, Fazman, D.Maretti, Vizzano hamda Saodat Sanoat Servis kompaniyalari Yaponiyaning Konaka Co. Ltd yirik kompaniyasi bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdilar.
Uchrashuvlar davomida Yapon bozori uchun mo‘ljallangan tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish, sifatni oshirish bo‘yicha Yapon standartlarini joriy etish, logistika va marketingda zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish hamda qo‘shma qiymat zanjirini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
“Nammotors” va “Eco Basalt” korxonalari vakillari ham energiya tejamkor uskunalar, zamonaviy qurilish materiallari va bazalt texnologiyalari bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Natijada hozirga qadar umumiy qiymati 50 million dollarlik uzoq muddatli eksport va hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Delegatsiya Tokushukai Medical Group prezidenti Xigashi Chinichi bilan uchrashib, onkologiya, kardioxirurgiya va yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolandi.
Shuningdek, Riverfield Inc. kompaniyasi prezidenti Kotaro Tadano bilan muzokaralar yakunida robot-assistent xirurgiyasi va innovatsion tibbiy uskunalarni Namangan viloyatiga joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.








