Qishloq xoʻjaligida bugungi kunlar gʻanimat
2024-04-28 16:12:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov qishloq xoʻjaligidagi dolzarb vazifalarga bagʻishlangan muhokama oʻtkazdi.
Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Madaniyat markazida boʻlib oʻtgan yigʻilishda viloyat, tumanlar sektorlari, sohaga daxldor tashkilotlar mutasaddilari, gʻoʻza va gʻalla ekinlari rivojlanishdan orqada qolayotgan fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirok etdilar.
Dastlab viloyat hokimligining qishloq xoʻjaligi sohasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tomonidan tumanlarda oʻtkazgan oʻrganishlari boʻyicha tayyorlangan fototanqid va boshqa maʼlumotlar qoloq fermerlar kesimida birma bir koʻrib chiqildi.
Tanqidiy ruxda oʻtgan yigʻilishda viloyat rahbari gʻoʻza va bugʻdoy nihollari parvarishini oʻz holiga tashlab qoʻygan fermerlar va bu borada nazoratni yetarli darajada yoʻlga qoʻymagan mutasaddilardan masʼuliyat talab qildi. Ularga ishda yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklarini zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan qisqa muddatli sinov belgilandi.
Yigʻilishda bahorning har kunidan unumli foydalanish, gʻoʻzani kultivatsiyalash, chuqur chopiq qilish, yagonalash, mahalliy va mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, zararkunandalarga qarshi kurashish, gʻallachilikdagi dolzarb yumushlarni oʻz vaqtida bajarish boʻyicha topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Yakunda kun tartibidagi masalalar boʻyicha soha mutaxassislarining fikr-mulohazalari, tavsiyalari tinglandi.









